Jizzaxda hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi

So'ngi yangiliklar

Jizzaxda hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 16-17 mart kunlari Jizzax shahridagi “Olimpiya zaxiralari” kolleji binosida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Jizzax viloyati hokimligi hamda Raqamli transformatsiya markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi o‘tkazildi.

Tadbir ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari Galina Saidova, Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Olimxon Rustamov, sanoat va moliya kompaniyalari rahbarlari, tadbirkorlar, ishbilarmonlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Qayd etish kerakki, hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkalari o‘tkazilishining asosiy maqsadi, yirik tarmoq korxonalariga mahalliy kichik va xususiy biznes korxonalari tomonidan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni yetkazib berishda kooperatsiya aloqalarini tashkil etishga qaratilgan.

Xususan, mazkur yarmarkada 1555 ta korxona, shu jumladan 100 ta tarmoq va 1455 ta hududiy ishlab chiqarish korxonasi qatnashdi. Unda qurilish materiallari, avtomobilsozlik, elektrotexnika, yengil sanoat va farmatsevtika sanoati mahsulotlari namoyish etildi. 

Shu bilan birga, mebelь va oziq-ovqat sanoati mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar ham tadbirda o‘z mahsulotlarini namoyish qildilar.

Yarmarka doirasida Raqamli transformatsiya markazining Elektron kooperatsiya portali orqali jami 292,1 mlrd so‘mlik 605 ta hamkorlik shartnomalari tuzildi.

Tarmoq korxonalari tomonidan mahsulot xarid qilish bo‘yicha 198 mlrd so‘mlik 454 shartnoma va hududiy korxonalar tomonidan mahsulotlar yetkazib berish bo‘yicha 175,9 mlrd so‘mlik 452 ta shartnoma, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish istagini bildirgan kichik va o‘rta biznes sub'ektlari o‘rtasida  676,6 mln so‘mlik 4 ta memorandum imzolandi.

O‘z o‘rnida, yarmarka davomida Raqamli transformatsiya markazi mutaxassislari tomonidan mavzuli taqdimot o‘tkazildi. 

Bundan tashqari, yarmarka ishtirokchilari va mehmonlar uchun “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan “Ming Yuan Silu Industry” MChJ (dekorativ shisha) va “Iruskon” (qandolat mahsulotlari) sanoat korxonalari hamda Sharof Rashidovning Jizzaxdagi uy-muzeyiga qiziqarli tashriflar tashkil etildi.