Toshkentda Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo'lib o'tdi

So'ngi yangiliklar

Toshkentda Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo'lib o'tdi

2022 yilning 14-18 noyabr kunlari “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazmalar markazida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Toshkent shahar hokimligi hamda Raqamli transformatsiya markazi hamkorligida tashkil etilgan Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, sanoat va moliya kompaniyalari rahbarlari, tadbirkorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yarmarkada asosiy e'tibor mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, sanoatda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar, shu jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlarini  o‘rganib chiqish, kelgusida sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish va ish  ko‘lamini kengaytirish uchun buyurtmalar portfelini (shartnoma va memorandumlar) shakllantirishga qaratildi.

Tadbir davomida yirik sanoat va mahalliy korxonalar o‘rtasida yangi turdagi mahsulotlarni sanoat kooperatsiyasi asosida mahalliylashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarni byudjet tashkilotlarining davlat xaridlariga jalb qilish ham maqsad qilib olingan edi.

Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasida respublikaning 5 711 tadbirkorlik sub'ekti ishtirok etdi, 944 ta sanoat korxonasi o‘z stendlarida 9 350 turdagi mahsulotlarni namoyish etdi.

Tadbir doirasida Raqamli transformatsiya markazining Elektron kooperatsiya portali orqali jami 3,03 trln so‘mlik 3305 ta hamkorlik to‘g‘risida bitim tuzilib, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish istagini bildirgan kichik va o‘rta biznes sub'ektlari o‘rtasida  1,1 trln so‘mlik 207 ta memorandum imzolandi.

Yarmarka doirasida mahsulotni o‘zlashtirishda uslubiy, texnik va texnologik ko‘maklashish orqali xususiy korxonalarni “shatakka olish” yangi yondashuvi asosida 8 ta tarmoq korxonasi 164 ta mahalliy tadbirkor bilan ko‘plab mahsulotlar bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

Shu bilan birga, investitsiya loyihalarini amalga oshirishda mahalliy kontentni ko‘paytirish va tovarlar va xizmatlar importini kamaytirish maqsadida 10 ta investitsiya loyihasi tashabbuskori tomonidan umumiy qiymati qariyb 400 mlrd so‘mlik 98 turdagi tovar va xizmatlar (metall konstruktsiyalar, transformatorlar, nasoslar, konditsionerlar, ventilyatsiya tizimlari, kabelь mahsulotlari, stanoklar, quvurlar va hokazolar) aniqlab olindi.

Yarmarka kunlari davomida 16 ta soha mahalliylashtirishni chuqurlashtirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish imkoniyatlariga oid щz taqdimotlarini o‘tkazdi. Shuningdek, namoyish etilgan va import qilinayotgan mahsulotlar namunalarini tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan o‘zlashtirish bo‘yicha B2B hamda  В2G  shaklida muzokaralar olib borish va hamkorlik bitimlari tuzish jarayonlarida O‘zbekiston Respublikasi Elektron kooperatsiya portali mutaxassislari tomonidan amaliy yordam ko‘rsatildi.

Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi doirasidagi tadbir yakunida 11 nominatsiya bo‘yicha tashkilotchilar tomonidan eng yaxshi ishtirok etgan korxonalar e'lon qilinib, tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Bundan tashqari, 2023 yilgi Davlat investitsiya dasturi doirasida amalga oshiriladigan yirik hududiy loyihalarni shakllantirish ham ushbu  yarmarka davomida aniqlanadigan ustuvor yo‘nalish va tashabbuslarga asoslanishi ta'kidlandi.

Mazkur tadbirlarning barchasi nafaqat yirik tarmoq korxonalari va hududiy tadbirkorlik sub'ektlari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlanishiga, balki ishtirokchilarga respublikada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar to‘g‘risidagi axborotlarni taqdim etish, yangi shartnomalar imzolash, hamkorlikdagi istiqbolli loyihalarni rejalashtirish uchun o‘ziga hos erkin savdo maydoni bo‘lib xizmat qiladi.