Navoiy viloyatida hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi

So'ngi yangiliklar

Navoiy viloyatida hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi

2022 yil 20-21 oktyabr kunlari Navoiy shahrida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Navoiy viloyati hokimligi hamda Raqamli transformatsiya markazi hamkorligida hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi tashkil etildi.

Tadbirning ochilish marosimida Navoiy viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Normat Tursunov,  Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari Olimxon Rustamov, “NKMK” AJ Boshqaruvi raisi – Bosh direktori Quvondiq Sanaqulov, sanoat va moliya kompaniyalari rahbarlari, tadbirkorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

O‘tkazilgan yarmarkada 1613 ta, shu jumladan 41 ta tarmoq va 1572 ta hududiy ishlab chiqarish korxonalari ishtirok etdi. Unda tog‘-kon metallurgiya, elektrotexnika, kimyo sanoati va qurilish materiallari sanoati mahsulotlari namoyish etildi. Shu bilan birga, yarmarkada energetika, metallurgiya sohasi va boshqa korxonalar ham o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etdi.

Yarmarka doirasida Raqamli transformatsiya markazining Elektron kooperatsiya portali orqali jami 512,1  mlrd so‘mlik 507 ta hamkorlik shartnomasi tuzildi, shuningdek,  import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish istagini bildirgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari o‘rtasida  1,8 mlrd so‘mlik 2 ta memorandum imzolandi.

O‘z navbatida, yarmarka davomida Raqamli transformatsiya markazi mutaxassislari tomonidan B2B shaklida muzokaralar olib borish va hamkorlik bitimlarini tuzishi bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatildi.

Ta'kidlash kerakki, mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, sog‘lom raqobat muhitini yaratish bobida qator islohotlar joriy etilmoqda. Albatta o‘z o‘rnida iqtisodiy taraqqiyotning ajralmas qismi bo‘lgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, milliy brendlarni ilgari surish hamda xalqaro maydonda ularning mavqei mustahkamlanishiga erishish juda katta ahamiyat kasb etadi.