Qashqadaryo viloyatida hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi

So'ngi yangiliklar

Qashqadaryo viloyatida hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi

2022 yil 6-7 oktyabr kunlari Qarshi shahrida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qashqadaryo viloyati hokimligi hamda Raqamli transformatsiya markazi hamkorligida tashkil etilgan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning ochilish marosimida Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimov, sanoat va moliya kompaniyalari rahbarlari, tadbirkorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Qayd etildiki, bu yarmarkalarni o‘tkazishdan asosiy maqsad – sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish, xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratishdan iboratdir.

Ta'kidlash kerakki, yarmarkada 1593 ta korxona, shu jumladan 170 ta tarmoq va 1423 ta hududiy ishlab chiqarish korxonasi ishtirok etdi. Unda neftь va gaz, kimyo sanoati, elektr energetikasi hamda charm-poyabzal sanoati mahsulotlari namoyish etildi. Shu bilan birga, yarmarkada farmatsevtika, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati korxonalari ham o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etdi.

Tadbir doirasida Raqamli transformatsiya markazining Elektron kooperatsiya portali orqali jami 409,1 mlrd so‘mlik 374 ta hamkorlik to‘g‘risida shartnoma tuzilib, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish istagini bildirgan kichik va o‘rta biznes sub'ektlari o‘rtasida  52,4 mlrd so‘mlik 45 ta memorandum imzolandi.

O‘z o‘rnida, yarmarka davomida Raqamli transformatsiya markazi mutaxassislari tomonidan mavzuli taqdimot o‘tkazildi. 

E'tirof etish joizki, bu kabi tadbirlar mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatini yanada mustahkamlash, uning ishlab chiqarish va sanoat sohasini modernizatsiya qilish imkoniyatini yangi bosqichlarga olib chiqish, zamonaviy elektron tijorat tizimini takomillashtirishga, shuningdek, tadbirkorlarning, qolaversa doimiy ish va daromad bilan ta'minlangan oddiy fuqarolarning farovon hayot kechirishiga xizmat qilishi turgan gap.