O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lidagi tadbirlar samarasi

So'ngi yangiliklar

O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lidagi tadbirlar samarasi

2023 yilning 12-15-dekabr kunlari “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar markazida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Toshkent shahar hokimligi hamda Raqamli transformatsiya markazi hamkorligida tashkil etilgan Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.

2023 yilning 12-15-dekabr kunlari “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar markazida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Toshkent shahar hokimligi hamda Raqamli transformatsiya markazi hamkorligida tashkil etilgan Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, Prezident maslahatchisi o‘rinbosari Galina Saidova, vazirlik hamda Toshkent shahar hokimligi mas'ul xodimlari, markaz mutasaddilari, shuningdek, sanoat va moliya kompaniyalari rahbarlari, tadbirkorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ta'kidlanganidek, respublika iqtisodiyotining barqaror sur'atlarda o‘sishini ta'minlashda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarni ishlab chiqarish hamda korxonalar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish orqali import hajmlarini optimallashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Ushbu maqsadlarda Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi yangicha formatda tashkil etilib, mazkur yo‘nalishlarda katta hajmdagi o‘zgarishlar ro‘y berishiga sabab bo‘lmoqda.

“O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar markazida umumiy maydoni 15 000 kv.m.ni tashkil etgan ekspozitsiyalarda jami 4 627 ta tadbirkorlik sub'ektlari ishtirok etib, shulardan 763 ta ishlab chiqarish korxonasi o‘zlari tomonidan ishlab chiqarilgan 6 181 turdagi mahsulotlar bilan qatnashdi.

Yarmarka davomida tarmoqlar tomonidan import qilinayotgan hamda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar, mahalliylashtirish bo‘yicha investitsiya loyiha takliflari, yangi loyihalar doirasida “mahalliy kontent” ulushini oshirishga alohida yondashildi.

Yarmarka yakunlari bo‘yicha qiymati ishlab chiqarish sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha 5,8 trln so‘mlik (2022 yilga nisbatan 1,8 barobar o‘sish) 2 486 ta shartnomalar tuzildi.

Bundan tashqari, Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi doirasida yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish bo‘yicha umumiy qiymati 2,8 trln so‘mlik 392 ta o‘zaro hamkorlik shartnomalari imzolandi.

Qayd etish joizki, amalga oshirilayotgan bu kabi chora-tadbirlar mamlakatimiz sanoatiga ijobiy ta'sir etib, ish o‘rinlarini yaratish, xom ashyoni qayta ishlashni chuqurlashtirish, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, kichik tadbirkorlik sub'ektlari, ayniqsa, yangidan tashkil etilayotgan korxonalar mahsulotlariga bozor topishga ko‘maklashadi.