Nukusda hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi o‘tkazildi

So'ngi yangiliklar

Nukusda hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi o‘tkazildi

2022 yil 25-26 avgust kunlari Nukus shahrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Raqamli transformatsiya markazi bilan hamkorlikda hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi o‘tkazildi.

Tadbir marosimini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Baxitjan Xabibullayev ochib berdi. Unda sanoat va moliya kompaniyalar rahbarlari, tadbirkorlar, ishbilarmonlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

O‘tkazilgan yarmarkada 1410 dan ortiq, shu jumladan 130  ta tarmoq va 1268 ta hududiy ishlab chiqarish korxonasi ishtirok etdi. Unda tabiiy va mineral resurslarni chuqur qayta ishlash, neft-kimyo sanoati mahsulotlari, qurilish materiallari, elektr energiyasi va elektr texnikasi, shuningdek, to‘qimachilik, mebel va oziq-ovqat sanoati mahsulotlari namoyish etildi.

Qayd etish joizki, yarmarka doirasida Raqamli transformatsiya markazining Elektron kooperatsiya portali orqali jami 203,2  mlrd so‘mlik 607 ta hamkorlik shartnomasi tuzildi, shuningdek, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish istagini bildirgan kichik va o‘rta biznes  sub'ektlari o‘rtasida  25,1 mlrd so‘mlik 18 ta memorandum imzolandi.

Shu bilan birga yarmarka davomida tarmoqlar va hududlarda sanoat salohiyatini oshirishga qaratilgan mavzuli taqdimotlar, mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan B2B formatida uchrashuvlar ham o‘tkazildi.

Yarmarka yakunida faol ishtirokchilarga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.