Urganchda hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi

So'ngi yangiliklar

Urganchda hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi

2022 yil 8-9 sentyabr kunlari Xorazm viloyati Urganch shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Xorazm viloyati hokimligi hamda Raqamli transformatsiya markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning ochilish marosimida Xorazm viloyati hokimi Farxod Ermanov,  Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari Nozimjon Xolmurodov, sanoat va moliya kompaniyalar rahbarlari, tadbirkorlar, ishbilarmonlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ushbu yarmarkani o‘tkazishdan asosiy maqsad – sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish, xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratishdan iborat.

O‘tkazilgan yarmarkada 2263 ta, shu jumladan 212 ta tarmoq va 2051 ta hududiy ishlab chiqarish korxonasi ishtirok etdi. Unda turizm sohasi uchun to‘qimachilik mahsulotlari, transport va logistika, avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi texnikasi, mebelsozlik sanoati namoyish etildi. Shu bilan birga konchilik, farmatsevtika, qurilish, oziq-ovqat sanoati korxonalari xam ishtirok etdi.

Yarmarka doirasida Raqamli transformatsiya markazining Elektron kooperatsiya portali orqali jami 256,6 mlrd so‘mlik 484 ta hamkorlik shartnomasi tuzildi, shuningdek import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish istagini bildirgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari o‘rtasida  5,4 mlrd so‘mlik 2 ta memorandum imzolandi.

Qayd etish joizki, amalga oshirilayotgan bu kabi chora-tadbirlar mamlakatimiz sanoat sohasiga ijobiy ta'sir etib, ish o‘rinlarini yaratish, xom ashyoni qayta ishlashni takomillashtirish, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, kichik tadbirkorlik sub'ektlari, ayniqsa yangi tashkil etilgan korxonalar mahsulotlariga bozor topishga ko‘maklashadi.