Buxoroda hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi o‘tkazildi

So'ngi yangiliklar

Buxoroda hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi o‘tkazildi

2022 yil 22-23 sentyabr kunlari Buxoro shahrida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Buxoro viloyati hokimligi hamda Raqamli transformatsiya markazi tomonidan tashkil etilgan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbir ochilish marosimida Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, sanoat va moliya kompaniyalar rahbarlari, tadbirkorlar, ishbilarmonlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

O‘tkazilgan yarmarkada 2022 ta korxona, shu jumladan 239 ta tarmoq va 1729 ta hududiy ishlab chiqarish korxonasi ishtirok etdi, to‘qimachilik, neft va gaz sanoati, qishloq va suv xo‘jaligi, turizm sanoati uchun mahsulotlar ishlab chiqarish hamda qorako‘lchilik sohasi mahsulotlari namoyish etildi.  Shuningdek, tadbirda farmatsevtika, mebel,  kimyo, oziq-ovqat sanoati ishlab chiqaruvchi korxonalar ham qatnashdi.

Ushbu yarmarka doirasida Raqamli transformatsiya markazining Elektron kooperatsiya portali orqali jami 606 mlrd so‘mlik 575 ta hamkorlik shartnomasi tuzildi, shuningdek, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish istagini bildirgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari o‘rtasida 155,4 mlrd so‘mlik 65 ta memorandum imzolandi.

Mazkur tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad iqtisodiyot tarmoqlari va hududiy korxonalarning sanoat salohiyatini yanada oshirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, mahalliylashtirishni kengaytirish, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari va hududiy korxonalar o‘rtasida tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasi aloqalarini yanada mustahkamlashdan iborat.