Chirchiqda hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi

So'ngi yangiliklar

Chirchiqda hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 4-5 avgust kunlari Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi “Chirchiq kimyo-industrial texnoparki” yopiq maneji binosida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi hamda Raqamli transformatsiya markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning ochilish marosimida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari Olimxon Rustamov, sanoat va moliya kompaniyalar rahbarlari, tadbirkorlar, ishbilarmonlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

O‘tkazilgan yarmarkada 1932 dan ortiq, shu jumladan 284 ta tarmoq va 1648 ta hududiy ishlab chiqarish korxonasi ishtirok etdi, metallurgiya, kimyo sanoati, elektr energiyasi, elektr texnika mahsulotlari, qurilish materiallarini ishlab chiqarish hamda qishloq xo‘jaligi texnikasi namoyish etildi.

Yarmarka doirasida Raqamli transformatsiya markazining Elektron kooperatsiya portali orqali jami 521,9 mlrd so‘mlik 859 ta hamkorlik shartnomasi tuzildi, shuningdek import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish istagini bildirgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari o‘rtasida  99,2 mlrd so‘mlik 30 ta memorandum imzolandi.

Qayd etish joizki, amalga oshirilayotgan bu kabi chora-tadbirlar mamlakatimiz sanoat sohasiga ijobiy ta'sir etib, ish o‘rinlarini yaratish, xom ashyoni qayta ishlashni takomillashtirish, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, kichik tadbirkorlik sub'ektlari, ayniqsa yangi tashkil etilgan korxonalar mahsulotlariga bozor topishga ko‘maklashadi.