Andijon viloyatida hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi

So'ngi yangiliklar

Andijon viloyatida hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 1-2 iyul kunlari Andijon viloyatidagi “Sayyora favvorasi” MChJ korxonasining binosida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Andijon viloyati hokimligi hamda Raqamli transformatsiya markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning ochilish marosimida Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari Olimxon Rustamov, sanoat va moliya kompaniyalari rahbarlari, tadbirkorlar, ishbilarmonlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

O‘tkazilgan yarmarkada 1500 dan ortiq, shu jumladan 97 ta tarmoq va 1438 ta hududiy ishlab chiqarish korxonasi ishtirok etib, unda qurilish materiallari, to‘qimachilik, avtomobilsozlik, elektr texnikasi va farmatsevtika sanoati mahsulotlari namoyish etildi. Shuningdek, tadbirda energetika, charm, ipak, mebel va oziq-ovqat sanoati korxonalari ham qatnashdi.

Yarmarka doirasida Raqamli transformatsiya markazining Elektron kooperatsiya portali orqali jami 312,7 mlrd so‘mlik 497 ta hamkorlik shartnomasi tuzildi, shuningdek, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish istagini bildirgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari bilan 5,2 mlrd so‘mlik 8 ta memorandum imzolandi.

Bundan tashqari, yarmarka doirasida hududlarning iqtisodiy va boshqa sohalardagi salohiyatini oshirish, har jihatdan ularning rivojlanishini ta'minlashga qaratilgan loyihalar taqdimotlari, shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va xorijiy sarmoyadorlar bilan ochiq muloqot shaklida uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi.

Qayd etish joizki, bunday tadbirlar o‘tkazilishi iqtisodiyot tarmoqlari va hududlardagi korxonalarning sanoat salohiyatini yanada oshirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash, mahalliylashtirish va milliy brendlarni ilgari surishni kengaytirish hamda o‘z o‘rnida iqtisodiyot sektorida faoliyat olib boruvchi shaxslar o‘rtasida tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasi aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.