Farg‘ona viloyatida hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi

So'ngi yangiliklar

Farg‘ona viloyatida hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 9-10 iyun kunlari Farg‘ona shahridagi “Samo” sport majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Farg‘ona viloyati hokimligi hamda Raqamli transformatsiya markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbir ochilish marosimida Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Aziz Voitov, sanoat va moliya kompaniyalar rahbarlari, tadbirkorlar, ishbilarmonlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

O‘tkazilgan yarmarkada 1 800 dan ortiq, shu jumladan 730 ta tarmoq va 1 130 ta hududiy ishlab chiqarish korxonasi ishtirok etdi, to‘qimachilik va ipakni qayta ishlash, charm-poyabzal, mebelsozlik, shuningdek, neft va gaz sanoati mahsulotlari namoyish etildi.  Shuningdek, elektr energetikasi, elektrotexnika, kimyo sanoati, qurilish materiallari va farmasevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar ham qatnashdi.

Ushbu yarmarka doirasida Raqamli transformatsiya markazining Elektron kooperatsiya portali orqali jami 272,4 mlrd so‘mlik 779 ta hamkorlik shartnomasi tuzildi, shuningdek import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish istagini bildirgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari o‘rtasida  10 916,67 mln so‘mlik 14 ta memorandum imzolandi.

Shu bilan birga yarmarka davomida tarmoqlar va hududlarda sanoat salohiyatini oshirishga qaratilgan loyihalar taqdimotlari, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va qo‘shni mamlakatlar sarmoyadorlari bilan B2B formatida uchrashuvlar va muzokaralar ham o‘tkazildi.

Mazkur tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad iqtisodiyot tarmoqlari va hududiy korxonalarning sanoat salohiyatini yanada oshirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, mahalliylashtirishni kengaytirish, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari va hududiy korxonalar o‘rtasida tarmoqlararo sanoat  kooperatsiyasi  aloqalarini yanada mustahkamlashdan iborat.