Namangan viloyatida hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo'lib o'tdi

So'ngi yangiliklar

Namangan viloyatida hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo'lib o'tdi

Joriy yilning 26-27 may kunlari Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasida O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Namangan viloyati hokimligi hamda Raqamli transformatsiya markazi hamkorligida tashkil etilgan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo'lib o'tdi.

Ushbu tadbir ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi Sh. Abdurazzoqov, Prezident maslahatchisi o'rinbosari G. Saidova, sanoat va moliya kompaniyalar rahbarlari, tadbirkorlar, ishbilarmonlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Qayd etish joizki, yarmarkada 1000 dan ortiq tadbirkorlar hamda 350 dan ziyod hududiy ishlab chiqarish korxonalari, jumladan, sanoat mahsulotlari milliy brendlari, to'qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat va mebelsozlik sohalari uchun mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar qatnashdi.

E'tirof etish lozimki, o'tkazilgan yarmarka doirasida Raqamli transformatsiya markazi orqali jami 497,03  mlrd. so'mlik 507 ta hamkorlik shartnomasi tuzildi, shuningdek  import o'rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish istagini bildirgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari o'rtasida  529,5 mln. so'mlik 9 ta memorandum imzolandi.

Ta'kidlash kerakki, mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, sog'lom raqobat muhitini yaratish bobida qator islohotlar joriy etilmoqda. Albatta o'z o'rnida iqtisodiy taraqqiyotning ajralmas qismi bo'lgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo'llab-quvvatlash, milliy brendlarni ilgari surish hamda xalqaro maydonda ularning mavqei mustahkamlanishiga erishish juda katta ahamiyat kasb etadi.

Shunday ekan rivojlanish zanjirining qismi bo'lmish hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkalarini o'tkazishdan ko'zlangan asosiy maqsad – sanoat sohasidagi eng yangi texnologiyalar va ishlanmalarni targ'ib qilish, yangi ishbilarmonlik aloqalarini o'rnatish, bitimlar tuzish va natijada sanoat kooperatsiyasi bo'yicha yangi loyihalarni amalga oshirishdir.