Samarqand viloyatida hududiy sanoat yarmarkasi o‘tkazildi

So'ngi yangiliklar

Samarqand viloyatida hududiy sanoat yarmarkasi o‘tkazildi

Samarqand viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va Tashqi Savdo Vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi hamda Elektron kooperatsiya portali markazi hamkorligida hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi boʻlib oʻtdi.

Joriy yilning 14-15 aprel kunlari bo‘lib o‘tgan Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasida turizm, gastronomik turizm, oziq-ovqat sanoati, mebelsozlik, elektrotexnika sanoati hamda gilam mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 1 633 ta tarmoq va hududiy korxonalar 2 500 dan ziyod  mahsulotlarning  ko‘rgazmali namoyishlari bilan ishtirok etishdi .

Yarmarkada asosiy e’tibor mahsulot xarid qilish bo‘yicha shartnomalarni shakllantirish bilan birga yirik sanoat tashkilotlari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari bilan yarmarka doirasida texnik jihatdan hamkorlik qilish memorandumini tuzish, hamkorlarga texnik shartlarni tushuntirish, texnik hujjatlar va chizmalarni birgalikda ishlab chiqishga qaratildi. Shuningdek, mahsulot namunalarini ishlab chiqarish, ularni sinovdan o‘tkazish, mahsulotlar ishlab chiqarishni boshlash va ularni sotib olish bo‘yicha bitimlar tuzishga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Samarqand viloyatida bo‘lib o‘tgan ko‘rgazmada namoyish etilgan va import qilinayotgan mahsulot namunalarini tadbirkorlik subyektlari o‘zlashtirishi, B2B shaklida muzokaralar olib borishi va hamkorlik bitimlarini tuzishi bo‘yicha Elektron kooperatsiya portali mutaxassislari amaliy yordam ko‘rsatdi.

Ushbu sanoat yarmarkasida Elektron kooperatsiya portali orqali umumiy hisobda 208 693,0 mlrd so‘mlik 828 ta o‘zaro hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi iqtisodiyotni erkinlashtirish va rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, iqtisodiyot tarmoqlarining raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha tub islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yiliga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash borasidagi tadbirlardan biridir.