Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi o‘z ishini boshladi

So'ngi yangiliklar

Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi o‘z ishini boshladi

Bugun, 14 noyabr kuni Toshkent shahrida “O‘zekspomarkaz" milliy ko‘rgazmalar markazida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Toshkent shahar hokimligi hamda Raqamli transformatsiya markazi hamkorligida tashkil etilgan Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi o‘z ishini boshladi.

Yarmarkadan ko‘zlangan maqsad mahalliy tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilarni  har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ular o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda ichki bozorda yuqori talabga ega bo‘lgan mahsulotlarni mahalliylashtirishga alohida e'tibor berishga qaratilgan.

Yarmarka doirasida “O‘zekspomarkaz" milliy ko‘rgazmalar markazining to‘rt paviloni va ochiq maydonida 21 ta tarmoq va 14 ta hududning jami 944 ta korxonasi tomonidan 9 350 turdagi mahsulotlar ko‘rgazmasi namoyish etiladi. Ko‘rgazma pavilonlaridan tog‘-kon metallurgiyasi va kimyo, neftgaz, energetika va elektrotexnika, transport, telekommunikatsiya, farmatsevtika, qurilish materiallari va mebel, to‘qimachilik va charm sanoati mahsulotlari joy olgan.

14-17 noyabr kunlari  16 ta sanoat tarmoqlari tomonidan mahalliylashtirishni chuqurlashtirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish imkoniyatlari bo‘yicha o‘z taqdimotlari havola etiladi.

В2В va В2G formatdagi uchrashuvlarda  bir qator shartnoma va memorandumlarni imzolanishi kutilmoqda.

Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi joriy yilning 18 noyabriga qadar davom etadi.